avatar
Куч
0.00
Рейтинг
0.00

Usmanova Asal Lutfullaevna

Мақолалар

O’zbekistonda turizm sohasining rivojlanish tendensiyasi

Блог им. lnadaa7

      O‘zbekiston azal-azaldan o’zining tabiati, boy tarixi, me’moriy obidalari, buyuk allomalari bilan jahonning eng rivojlangan mamlakatlari aholisini ham o‘ziga jalb etib kelmoqda. Shu sababli mamlakatimizda mustaqillikka erishganimizdan so’ng, turizm sohasi shiddatla rivojlanib bormoqda. Turizm – iqtisodiyotning yuqori daromad keltiradigan va jadal rivojlanayotgan muhim sohalaridan biri. Turizm rivojlanishining eng asosiy omillaridan biri tinchlik, barqarorlik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikdir. O'zbek xalqida shu kabi tuyg’ular mavjud bo’lgani uchun ham O’zbekistonda turizm rivojlanmoqda va turistlar soni kundan-kun oshib bormoqda. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qariyb 3 ming yillik tarixga ega shaharlarimiz xalqaro konferensiyalarga, ko’rgazmalar va ko’plab nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilmoqda.


      Mustaqillikni avvalgi yillaridanoq mamlakatimizda turizmga alohida e’tibor berilganligini 1992 yil 27 iyulda Prezidentimiz ­Islom Karimov farmoni bilan «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi tashkil etilishi va o’z zimmasiga mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, turistik tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, kadrlarni jahon standartlariga javob beradigan qilib tayyorlash kabi vazifalarni olishdan ko’rishimiz mumkin. «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi turizm faoliyatini muvofiqlashtirish va litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘i Anvar­Temirxojayevta’kidlashicha “O‘tgan davr mobaynida turizm sanoatini zamonaviylashtirish, mamlakatning mehmonxona va transport infratuzilmasini yaxshilash hamda tarmoqning rivojlanish poydevori bo‘lgan turizm sohasidagi me’yoriy huquqiy bazani shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilindi”.[1]



TASANNO-2014.

Блог им. lnadaa7

 


18-sentyabr kuni “Lotte City New Tashkent Palace” mehmonxonasida “Tasanno-2014" deb nomlangan “Milliy taomlar” festivali bo’lib o’tdi. Bu festivalda turli mamlakat vakillari  o’z milliy taomlarini barchaning e’tiboriga havola e’tishdi.


Toshkent islom universiteti talaba qizlari tomonidan tayyorlangan o’zbek milliy taomlari ham boshqa davlatlardan kelgan barcha mehmonlarni xushnud etdi. O’zbek milliy taomlari naqadar o’zgacha, ajoyib va mazali ekanligi barchaga namoyon bo’ldi.


/> Bu tadbirda nafaqat taomlar ko’rgazmasini, balki milliy raqs, o’yinlar, boshqa mamlakatlardan keltirilgan haykalchalar, hunarmandchilik buyumlari, chinni buyumlar, gilamlar  kabi ko’rgazma qurollarini ham ko’rishimiz mumkin.


Shu kabi tadbirlar Mustaqil O’zbekistonimizning kundan-kunga gullab yashnayotgani, boshqa mamlakatlar bilan nafaqat iqtisodiy va siyosiy balki madaniy a’loqalarimiz kuchayib borayotganidan dalolat beradi deb o'ylayman.

GLOBALLASHUV DAVRIDA FARZAND TARBIYASIGA E'TIBORNING AHAMIYATI

Блог им. lnadaa7

            Azal-azaldan xalqimiz farzand tarbiyasiga eng ma’suliyatli vazifa sifatida qarab kelgan va bu boqiy an’ana bugungi kunga kelib ham o’z dolzarbligini yo’qotmagan. Ayniqsa, ayni damda kechayotgan globallashuv jarayonida millatning millat sifatida saqlanib qolishida sog’lom oila va unda ulg’ayayotgan farzandlarning o’rni beqiyos. Yaqin o’n yillikda eng rivojlangan davlatlarni ham tang ahvolga solib qo’ygan iqtisodiy inqiroz bugungi kunga kelib o’z o’rnini ma’naviy inqirozga, boshqacharoq aytadigan bo’lsak, «oila inqirozi»ga bo’shatib bermoqda. Kelajak, farzandlarimiz qo’lida bo’lgani sababli ularni tarbiyasiga alohida e’tibor bermoq lozim.


Islom Karimov o’z nutqlarining birida: “Bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan hamda professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan yoshlargina sifatli, jadal va innovatsion taraqqiyotning eng muhim sharti va garovi bo‘la oladi” — dеydilar. Ko’pgina davlatlarda yosh avlodga yetarlicha tarbiya berilmayotgani muhim masala sifatida o’rtaga tashlanayotgan bo’lsa, bizda bunday holatlarni oldini olish chora-tadbirlari  ishlab chiqilgan. Mamlakatimizda mustaqillikdan so'ng qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar[1], yillarga «Sog‘lom avlod yili», «Ona va bola yili», «Yoshlar yili», «Barkamol avlod yili» deb nom berilishi va 2014 yilning «Sog‘lom bola yili» deb e'lon qilinishi ham o'z shiorimizdek yod bo'lib ketgan “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart” degan so’zlarining ifodasidir. Biz bilganimizdek har bir davlatning demografik jihatdan kuchliligi mamlakat aholisining tug’ilish va o’lim o’rtasidagi muvozanatida aks etsa, uning ma’naviy darajasi ko’p jihatdan tug’ilgan farzandlarning yaxshi insoniy fazilatlar bilan ulg’ayishi, dunyoviy va diniy bilimlardan qanchalik xabardor bo’lishiga bog’liq. Xususan, islom dinida ham farzand tarbiyasiga u dunyoga kelishidan oldin ahamiyat berishga chaqiriladi. Masalan, kelin va kuyov tanlash jarayonida ularning axloq-odobiga va olgan tarbiyasiga alohida e’tibor qaratiladi. Zero, farzand ota-onasidagi xislatlarni o’ziga jo qilib ulg’ayadi. Shuning uchun ham Payg’ambarimiz(s.a.v) “Sizlar o’zingizga munosib jufti halol ihtiyor qilinglar, chunki juftingizning fe’l-atvori, xulqi naslingizda o’z aksini topadi” deganlar. Keyingi hadisda esa farzandni chiroyli odob ila tarbiyalashning muhimligi haqida aytiladi. Ayyub ibn Musodan, u kishi otasidan, u kishi bobosi(r.a.) rivoyat qilinadi. Nabiy(s.a.v.):  “Ota-ona  o’z  bolasiga  go’zal  odobdan  afzal ato bera  olmaydi” deydilar. Farzandning odobi chiroyli  bo’lishi unga to’g’ri ta’lim-tarbiya berish, farzand o’sib ulg’ayganida uni komil inson, yetuk shaxs bo’lishiga xizmat qiladi albatta. Aytib o’tish joizki Payg’ambarimiz (s.a.v.)  nafaqat  o’g’il  bolalarga,  balki  qizlarga   ham  yetarlicha  e’tibor  berilishi  lozimligini  ta’kidlaganlar. Ular (s.a.v.) “Kimning 3 yoki 2 qizi bo’lib, ularni tarbiyalab, katta qilsa, ularga marhamat nazari bilan qarasa jannatga kiradi” – deganlar.  Hadisning sharhida uyga  shirinlik  olib  kelganda  avval  qizlardan  boshlash  lozimligi,  ularga  ko’proq  e’tibor  va  mehr  kerakligi,  chunki  ular  ojiza  va  himoyaga  muhtoj  ekanligini  aytib o’tilgan.


Buyuk ota-bobolarimizdan Ibn Sino “Yosh bola ta’lim-tarbiya oladigan joyida odob-axloqli, turish-turmushi namunali odamlar bo’lishi lozim. Zero, yosh bola har bir narsani ularga taqlid qilib o’rganadi” deganlar. Farzandlarimizning komil inson bo’lib ulg’ayishlari, yetuk shaxs sifatida voyaga yetishlarida oilaning o’rni beqiyosdir. Buyuk bobomiz Amir Temur esa “Farzand tarbiyasini kelin tanlashdan boshlang” deb bejizga aytmaganlar. Darhaqiqat, farzand tarbiyani ko’proq onasidan oladi va onasi o’rgatgandek o’zini tutishga, atrofidagi hodisalarga munosabat bildirishga o’rganadi. Ona ilmli, dunyoqarashi keng bo’lsa farzand ham shu yo’lni tutadi. Chunki har bir inson shu o’rinda bolalar ham eshitganidan ko’ra ko’rgan narsasiga ko’proq amal qiladi. Prеzidеntimiz Islom Karimov «Oila hayotning abadiyligi, avlodlarning davomiyligini ta'minlaydigan, muqaddas urf-odatlarni saqlaydigan shu bilan birga, kеlajak nasllar qanday inson bo'lib yеtishtirishga bеvosita ta'sir ko'rsatadigan tarbiya o'chog'idir»[2] deydilar. Zotan, sog’lom oila muhitida ulg’aygan farzandlargina buyuk kelajak bunyodkorlari bo’la oladi. Shuning uchun ham farzand tarbiyasi va ularga e’tiborni oiladan boshlamog’imiz lozim. Inglizlar o’z maqolida  “Farzandlarni tarbiyalamang, ular baribir sizga o’xshaydi. O’zingizni tarbiyalang”[3] deyishganidan ham farzandga e’tibor, farzand tarbiyasi kabi mavzular sharq-u g’arbda dolzarb mavzu bo’lib kelayotganligini ko’rishimiz mumkin.


Muhtasar qilib aytganda, vatanimiz, hayotimiz, o’zbek xalqining ma’naviy boyligi, ertangi kunimiz yoshlar qo’lida. Shu sababli ham farzandni nafaqat jismonan sog’lom balki ruhan barkamol qilib tarbiyalash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama rivojlangan, yuksak ma'naviyatli, mustaqil fikrlovchi, keng dunyoqarashli va chuqur bilimga ega bo‘lgan vatanparvar shaxslar etib voyaga yetkazish, turli harbiy, iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish har birimizning burchimizdir.


/>

[1]1991- yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida” gi, Oila kodeksi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, «Ta'lim to‘g‘risida», «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida», «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida», «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida», «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi  qonunlar, O’zbekiston Respublikasi  1997- yilda BMTning “Bola huquqlari to’g’risidagi” konvensiyasi



[2] fikr.uz/posts/mustahkam_oila_yurt_tayanchi/8662.html



[3] nash-rebenok.livejournal.com/160431.html



YOSHLARDA SHUKRONALIK TUYG’USINI MUSTAHKAMLASHNING MA’NAVIY ASOSLARI.

Блог им. lnadaa7

Bu hayotning yarmi rohat,


Yarmi g’amdir, shukr qil.


Umring uzun bo’lsa – raxmat,


Agar kamdir, shukur qil.


E. Vohidov


           Har bir xalqning o’ziga xosligi mavjud, xitoyliklar mehnatkash, yaponlar izlanuvchan. Shu jumladan o’zbek xalqining ham o’ziga xosliklaridan biri har bir narsaga shukr qilishidir. Ota-bobolarimiz bejizga “Оz bo`lsаdа bеrilgаn nе’mаtning shukrini аdо qilib yurgаning, ko`pigа shukr qilоlmаgаningdаn аfzаldir”, — demaganlar. Insonning ko’zi to’ymasdan nafsi bitmas-tuganmas boylikni istashi, unga erishib shukr qilishni unutib yuborganidan ko’ra, oziga qanoat qilib yashagani afzal. Ammo ming afsuslar bo’lsinki, hozirgi globallashuv davrida, “ommaviy madaniyat” yurtimizga  yugurib emas, uchib kirib kelayotgan bir davrda yoshlarning ongi “zaharlanishi”, ularda bor, ammo ular sezmayotgan tinchlik-osoyishtalik, sog’lik-salomatlik, baxt-saodat, oila, mahalla kabi ne’matlarga shukr qilmasdan, o’zlarini aksariyat g’arb mamlakatlarining ma’naviyati buzuq yoshlaridek tutishlari, ularda shukronalik tuyg’usining yo’qolib ketayotganligining alomati desak mubolag’a bo’lmaydi.


“Shukr” so’zining ma’nosi qilingan yaxshilikni e’tirof e’tishdir. Shukronalik tuyg’usini anglab yetish uchun jamiyatga eng ko’p aziyat yetkazidigan narsalarga nazar tashlamoq lozim. Misol tariqasida axborot hurujini olaylik. Zamonaviy dunyoda urushdan g’olib chiqish uchun harbiy salohiyatning o’zi kamlik qiladi. Chunki “Bugungi zamonda  mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko’proq kuchga ega”[1]. Hozirgi paytda ma’naviyatga qarshi kichik ma’lumot ham ayanchli natijalar bermoqda. Bu haqiqatni biladigan, O’zbekistonning xalqaro maydonda obro’yi ortib borayotganini ko’rib kayfiyati buziladigan kuchlar jannatmakon, o’z yer osti va yer usti boyliklariga ega o’lkamizni qaysidir ma’noda axborot xuruji orqali ham qo’lga kiritmoqchi bo’ladilar. Chunki, ular shu mintaqada joylashgan millat va elatlarni bir-biriga g’arazli munosabatda bo’lishidan manfaatdordirlar.


Ma’lumki axborot xurujining “kamoni” asosan yoshlarni nishonga oladi. Ijtimoiy-siyosiy jihatdan zararli bo’lgan, buzg’unchi axborotlar tarqatiladigan asosiy maydon esa yoshlarni o’z qarmog’iga ilintiradigan WWW- World Wide Web(butunjahon o’rgimchak to’ri) ya’ni internet ekanligi hech kimga sir emas. Ammo internetni 24 soat ishlashi, eng so’nggi yangiliklardan bohabar qilishi, undan istalgan foydali ma’lumot topilishi va yana bir qator qulayliklarini hisobga olsak bizning zamonamizda internetdan voz kechib, uni taqiqlab yoki cheklab bo’lmasligi kelib chiqadi. Ushbu sharoitda yoshlarning ongida axborot xuruji natijasida ma’naviy bo’shliq vujudga kelmasligi uchun “Ularning qalbi va ongida sog’lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg’usini bolalik paytidan boshlab shakllantirishimiz zarur”[2]. Yoshlarda hayotdan mamnunlik hissini vujudga keltirish uchun tarixdagi qonli urush, notinch kunlar ilmning tag-tomiri bilan yo’q bo’lib ketgan yillarini hozirgi kun bilan qiyoslash lozim. Sovet davridagi O’zbekiston muammolariga nazar tashlaydigan bo’lsak, “ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, demografiya vaziyati va ishsizlikning ko’payib borishi, ekologiya tangligi, xalqning ma’naviy jihatdan haqoratlanishi juda qaltis ahvolni vujudga keltirdi. Ekstremist kuchlar esa vaziyatni keskinlashtirish, odamlarni ommaviy tartibsizliklarga  va huquqqa xilof xatti-harakatlarga tortish, ijtimoiy va millatlararo nifoqlar va to’qnashuvlarni chiqarish uchun shu holatdan foydalanadilar”[3] Endi bizning zamonamizdagi tinchlik-osoyishtalik, bizga yaratib berilayotgan sharoitga nazar tashlang: kompyuter, internet, OAV, kutubxonalarda turli hildagi, turli tildagi kitoblar, dunyoning istagan mamlakatida tahsil olish imkoniyati, o’z bilim va salohiyatimizni turli tanlov va festivallar orqali namoyon eta olishimiz va boshqalar. Payg’ambarimiz Muhammad(s.a.v.) aytadilar: “Dunyoda ikkita ne’mat borki odamlarni ko’plari ularni qadriga yetmaydilar. Ularni biri tinchlik bo’lsa ikkinchisi salomatlikdir”. Darxaqiqat, har birimiz osmonimiz musaffoligi, har kuni erta tongdan o’qishga ishga shoshayotgan ochiq chehrali hotirjam insonlarni ko’rayotganimiz, asosiysi Vatanimizda hukm surayotgan tinchlikka shukur qilishni o’rganmog’imiz lozim. Zero, ba’zi davlatlarda odamlar o’qishga borib ilm olish tugul uylaridan chiqa olmayapdilar.


Bizning barcha shikoyatlarimiz, hayotda hech narsaga erisha olmayotganimizning asosiy sababi — bor narsaga ham shukr qilmayotganimizdandir. Yurtboshimiz I.A.Karimov  “O’zbekistonga tinchlik kerak, osuda hayot kerak”[4] deb bejizga aytmaganlar.  Har bir aqlan sog’lom kishi tarixdan saboq chiqarib, urushning halokatli oqibatlari haqida chuqur o’ylab, tinchlikni qadriga yetmog’i bugugi kuniga shukr qilmog’i lozim. Chunki shukronalik bilan yashamoq oliy ne’mat, hamda ulug’ saodatdir.


Mashhur AQSH psixologi Jim Ron “Borining qadriga yetmay, ko’prog’iga erishib bo’lmaydi. Shukronalik yangi g’oyalar uchun imkoniyat yaratib beradi”[5], — deydi. Haqiqatdan ham barcha narsani shuronalikdan boshlamoq lozim, zero baxt-hozirgi holatga mamnun bo’lishdir.


Psixologiya fanida shukronalik — turmush, oila, ish faoliyati va boshqa jabhalarga uyg‘unlik beruvchi fazilat deb e’tirof etiladi. Shukronalik asosan minnatdorlik orqali ifoda etiladi. Minnatdorlik — ne’matlarni tan olish bo‘lib, katta jasorat, yaxshilik qilish bilan barobardir. Dunyoni, odamlarni, vaziyatni boricha qabul qilmaslikdan norozilik kuchaygani sari ruh zaiflashadi va noshukrlik hujumga o‘tadi. Noshukrlik psixologiyada borliqqa tajovuz qilish, uni o‘zgartirishga urinish, deb ataladi. Shukr qilish taqdirni tubdan o‘zgartirishi, tibbiyot izoh topib berolmaydigan holatlardan biridir. «Transerfing»(Hayot oqimlarida suzish) kitobi bilan shuhrat qozongan ruhiyatshunos Vadim Zeland noshukrlik haqida«Nimadandir qattiq norozi bo‘lish aynan shu narsani istash bilan barobar. Negaki, siz hayot oqimiga qarshi borayapsiz. Muvozanat saqlanishi uchun bu kurash sizning zararingizga hal bo‘ladi. Ya’ni, shunday ayanchli ahvolga tushasizki, avvalgi holatingiz holva bo‘lib qoladi: pulsizlikdan noligan odamning biri hech ikki bo‘lmaydi, salomatligi yomonlashadi va agar noshukrlikda davom etaversa, har tomonlama boshqalarga qaram bo‘lib qoladi. Har qanday qiyin paytda o‘zingizni qo‘lga oling. Ahvolingiz hozir qanchalik yomon bo‘lsa, keyin shunchalik yaxshi bo‘lishiga ishoning. Tasavvur qiling, istagan narsangizga erishib bo‘lgansiz, ko‘nglingiz xotirjam va bundan qoniqish hosil qiling. Shundagina niyatingiz amalga oshadi»[6], — deydi. Bu so’zlardan shukronalik tuyg’usi inson hayoti farovonligidagi muhim omil ekanligini ko’rishimiz mumkin.


Yoshlarda shukronalik tuyg’usini mustahkamlash uchun:


  • Yoshlarga o’zligini anglatishimiz, shu asosda ularda milliy g’urur, iftihor hissini shakllantirishimiz

  • Ularga qaratilayotgan e’tiborni, mehnatni qadrlashni o’rgatishimiz

  • Atrof muhitga nazar solish, insonlarni sinchiklab tekshirishni va shu asosda o’z holatidan mamnunlikni vujudga keltirishimiz

  • Ruhiy tarbiyasini mukammallashtirishimiz

  • Mas’uliyatni his qilishi lozimligini singdirishimiz lozim.


O’z uyi o’z oilasini sevmaydigan farzanddan barcha yovuzliklarni kutsa bo’ladi. U o’ziga qilinayotgan e’tiborni ko’rmaydi, qadriga yetmaydi. Yoshlar faqat o’zini o’ylamasdan “oila”si ya’ni Vatani ravnaqi uchun tirishmog’i lozim. Atrof muhitga nazar tashlab unga berilgan imkoniyatlardan foydalanib, shunga chiroyli javob tarzida Vatani oldidagi o’z huquq va majbutiyatlarini ado etmog’i kerak.


Xulosa o’rnida, Prezidentimiz Islom Karimovning “Soglom avlodni tarbiyalash barchaning butun jamiyatning bu yurtda yashaydigan barcha insonning asosiy ishi insoniy burchidir”, — degan so’zlarini aytsak bo’ladi. Ular bu so’zlari bilan yoshlarni to’g’ri tarbiyalashni, ularda shukronalik tuyg’usini shakllantirishni butun jamiyat zimmasiga yuklayotganliklari ko’rinib turibdi. Har bir yosh avlod “Sog’lom bola yili”da o’ziga berilayotgan e’tiborni ularning nafaqat jismonan sog’lom, balki ma’nan boy qilib tarbiyalanishi uchun qilinayotgan sa’y-haratlarni ko’rib buning qadriga yetsa, shukur qilib, bunga javoban Vatan ravnaqi, uning gullab yashnashiga o’z hissasini qo’shsa, ularga e’tibor yanada kuchayib, kelajagi uchun yanada ko’proq imkoniyat yaratiladi.


/>

[1] Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch / I. Karimov. – Toshkent: Ma’naviyat,2008. — 113b.



[2] Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch / I. Karimov. – Toshkent: Ma’naviyat,2008. — 115b.



[3] O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida / I. Karimov. – Toshkent: O’zbekiston,2011. — 173b.



[4] O’zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak / I. Karimov. – Toshkent: O’zbekiston,2013. — 27b.



[5] http://psycabi.net/vdokhnovlyayushchie-tsitaty-i-aforizmy/136-spasibo-tsitaty-i-aforizmy-pro-blagodarnost-i-neblagodarnost



[6] Hidoyat.uz